Халық депутатлары Кегейли районлық Кеңесиниң турақлы комиссиялары ҳаққындағы режениң 18–бәнтине муўапық Халық депутатлары Кегейли районлық Кеңеси
Ш Е Ш И М Е Т Е Д И:
- Халық депутатлары Кегейли районлық Кеңеси депутатларының депутатлық әдеби қағыйдалары қосымшаға муўапық қайта тастыйықлансын.
2. Халық депутатлары Кегейли районлық Кеңесиниң 2020 жыл 3-июльдағы «Халық депутатлары Кегейли районлық Кеңеси депутатларының депутатлық әдеби қағыйдаларын тастыйықлаў ҳаққында»ғы №25/6-санлы шешими күшин жоғалтқан деп есаплансын.
Xalq deputatlari Kegeyli tuman Kengashi deputatlarining
ODOB-AXLOQ QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
- Xalq deputatlari Kegeyli tuman Kengashideputatlarining odob-axloq qoidalari (bundan buyon matnda Odob-axloq qoidalari deb yuritiladi) “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomga, shuningdek umume’tirof etilgan odob normalariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi) o‘z deputatlik vakolatlarini amalga oshirishda rioya etishi lozim bo‘lgan xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.
- Odob-axloq qoidalari deputatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi.
- Deputat o‘z vakolatlarini amalga oshirishi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining reglamentiga va ushbu qoidalarga amal qiladi.
- Deputat o‘z faoliyatida jamiyatda umum qabul qilingan odob-axloq prinsiplariga qat’iy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi, shuningdek deputat nomiga dog‘ tushiradigan va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) nufuziga, umuman davlat manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi lozim.
- Deputat o‘z vazifalarini vijdonan va halol bajarishi, o‘zi a’zo bo‘lgan siyosiy partiya, partiya guruhi va Kengash doimiy komissiyasi rejalarida, Kengash qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashi, o‘z malakasini yuqori darajada tutib turishi, nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirib borishi kerak.
- Kengashda doimiy asosda ishlaydigan deputat o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Deputatning ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi uning asosiy kasbiy vazifalarini bajarishiga zarar yetkazmasligi kerak.
- Deputat o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiradi:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga rioya etish;
saylovchilarning, o‘zini deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiyaning manfaatlarini Kengashda ifodalash;
deputatlik faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi, o‘z faoliyati to‘g‘risida saylovchilarni doimiy xabardor qilib borish.
2-bob. Deputatlarning Kengash sessiyasi, doimiy komissiya
va partiya guruhi majlislaridagi deputatlik odobi
- Deputat Kengashning sessiyalarida, shuningdek o‘zi tarkibida bo‘lgan doimiy komissiya va siyosiy partiya guruhining majlislarida ishtirok etishi shart.
Sessiya yoki majlisda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, deputat bu haqda Kengash raisi, Kengash kotibiyati mudiri, doimiy komissiya raisi, partiya guruhi rahbariga kamida bir kun oldin (ishtirok etish imkoniyatiga to‘sqinlik qiluvchi to‘satdan yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha sessiya yoki majlis boshlanishidan oldin) xabar qilishi shart.
- Deputat Kengash sessiyasi, doimiy komissiya va partiya guruhi majlislarida:
o‘z nutqida deputatlarning yoki boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora
va so‘zlarni, imo-ishoralarni qo‘llamasligi;
sessiya, majlislarni o‘tkazishga xalaqit beradigan harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi – so‘zga chiqqanlarning so‘zini bo‘lmasligi, Kengash faoliyatiga oid qonunchilikda nazarda tutilgan tartibga zid ravishda o‘z fikrini bayon qilishga urinmasligi;
baqirmasligi, muhokama etilayotgan masala yuzasidan so‘zga chiqqanlarning o‘z nuqtai nazarini erkin bayon etishiga to‘siqlar vujudga keltirmasligi;
turli uzrsiz sabablarga ko‘ra majlislar zalidan namoyishkorona chiqib ketmasligi;
kun tartibidagi muhokama qilinayotgan masaladan imkon qadar chetga chiqib so‘zlamasligi, biror shaxsning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi asossiz ayblovga yo‘l qo‘ymasligi;
so‘zga chiqish, deputatlik faoliyatining boshqa shakllarini amalga oshirish chog‘ida bila turib yolg‘on va (yoki) noto‘g‘ri axborotdan foydalanmasligi;
Kengash Reglamenti va ushbu Qoidalarning talablarini buzadigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etmasligi kerak.
Deputatning deputatlik faoliyatidagi tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubi aholining Kengashga hurmatini, shu jumladan deputatning nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Deputat o‘z deputatlik faoliyati davomida uning vakolati va shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblangan guvohnomani o‘zi bilan birga olib yurishi, ko‘krak nishonini ko‘krakning chap tomoniga taqib yurishi shart.
- Deputat ushbu Qoidalarning 9-bandida nazarda tutilgan
xatti-harakatlarni sodir etgan taqdirda, tegishli sessiya yoki majlisda raislik qiluvchi:
bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida deputatni ogohlantirishga;
deputatni so‘zlash huquqidan mahrum qilishga;
deputatdan majlislar zalini tark etishni talab qilishga;
Kengashning Odob-axloq masalalari bo‘yicha komissiyasidan (bundan buyon matnda Odob-axloq komissiyasi deb yuritiladi) deputatning xatti-harakatlariga baho berishni so‘rashga haqli.
- Deputat sessiya yoki majlisda shaxsan ovoz berishi shart.
Ovoz berishni boshqa deputat yoki o‘zga shaxsga bergan deputatning
xatti-harakatlari bo‘yicha Odob-axloq komissiyasi yoki uning taklifi bilan Kengash tomonidan ushbu Qoidalarda hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.
3-bob. Deputatlarning boshqa deputatlar, saylovchilar,
siyosiy partiya, partiya guruhi va Kengash kotibiyati
xodimlari bilan o‘zaro munosabatlari
- Deputatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi, ijtimoiy mavqei va siyosiy mansubligidan qat’i nazar teng huquqlilik, bir-birini o‘zaro hurmat qilish asosida yo‘lga qo‘yiladi.
- Deputatlar tanqidga sabr-toqat bilan yondashishi, o‘ziga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlarga qo‘pollik bilan munosabat bildirishga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
- Deputatlar o‘z ishida har qanday masalani erkin jamoaviy muhokama qilish, fikrlar xilma-xilligini hurmat qilish prinsiplariga asoslanishi, nizolarga yo‘l qo‘ymasligi, kelishmovchiliklarni ochiq fikr almashish orqali bartaraf etish yo‘llarini birgalikda izlashi kerak.
- Deputat saylovchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi. Deputatning saylovchilar bilan munosabatlari o‘zaro hurmat qilish, saylovchilar tomonidan ko‘tariladigan muammolar va masalalarga deputatning e’tibor bilan munosabatda bo‘lishiga asoslanadi.
- Deputat:
qoida tariqasida, bir oyda kamida bir marotaba saylovchilar uchun qabul tashkil etishi;
saylovchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rishi;
saylovchilardan tushgan takliflar, arizalar, shikoyatlarni ko‘rib chiqishi, ularda ko‘rsatilgan masalalarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etilishiga o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini oldindan belgilangan grafik asosida shaxsan qabul qilishi lozim.
- Deputat saylovchilar bilan ishlashga vijdonan va halol yondashishi,
ular bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda shaxsan ishtirok etishi, bu jarayonda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymasligi hamda soxta axborotlar taqdim etmasligi shart. - Deputat o‘z deputatlik faoliyati haqida saylovchilarni belgilangan tartibda vaqti-vaqti bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda xabardor qiladi.
Deputat tomonidan saylovchilarga taqdim etiladigan axborot to‘liq, to‘g‘ri
va xolisona bo‘lishi kerak.
- Deputat uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya
va partiya guruhi bilan aloqa bog‘lab turadi hamda ularning ustavida (nizomida) belgilangan odob-axloq va intizom qoidalariga amal qiladi.
Deputat Kengashda uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya manfaatlarini ifoda etadi.
- Deputat Kengash kotibiyati xodimlari uchun o‘rnak bo‘lishi, ularga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lishi, ularni jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi va ijtimoiy mavqei bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Deputat Kengash kotibiyati xodimlaridan shaxsiy manfaatlari yo‘lida yoki ularning xizmat majburiyatlariga kirmaydigan vazifalarda foydalanishi mumkin emas.
4-bob. Ommaviy chiqish chog‘idagi deputatlik odobi
- Deputat ommaviy axborot vositalari, matbuot konferensiyalari, boshqa jamoat tadbirlaridagi, omma oldidagi bayonotlarida, shu jumladan, Internet tarmog‘ida ochilgan shaxsiy sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida
(blog, post, izohlar qoldirishda):
Kengashning, uni nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya va partiya guruhining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning o‘z vakolatlarini vijdonan amalga oshirishiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi;
o‘zining xatti-harakati, axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramasligi hamda asosli va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishi;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning faoliyatiga nisbatan e’tirozlari bo‘lsa, ularni asoslangan, aniq muammoga qaratilgan holda bayon etishi, tekshirilmagan, isbotlanmagan ma’lumot va dalillardan foydalanmasligi;
yuridik shaxslarning ishchanlik obro‘siga, jismoniy shaxslarning sha’ni,
qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan asossiz, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmasligi;
fuqarolar bilan muloqot qilishda ularning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llamasligi, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘ymasligi, qonunga xilof xatti-harakatlarga da’vat etmasligi hamda bila turib yolg‘on va noto‘g‘ri axborotdan foydalanmasligi kerak.
Deputat ommaviy chiqishi chog‘ida sud tizimi va sudyalar haqida tanqidiy fikr bildirishda ularning mustaqilligi va xolisligiga ta’sir ko‘rsatmasligi, tanqidiy fikr dalillar bilan asoslangan va aniq bo‘lishi hamda sudga hurmatsizlikni ifoda etmasligi lozim. Deputat sudlar siyosatdan xoli ekanligi va tanqidlarga javob berishi uning xolisligini shubha ostiga qo‘yishi mumkinligini inobatga olishi zarur.
- Agar deputatning omma oldidagi bayonotlarida fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga, yuridik shaxsning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan fikrlar mavjud bo‘lsa, deputat o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini oshkora tan olishi hamda sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga daxl qilingan fuqaro va (yoki) yuridik shaxsdan uzr so‘rashi kerak.
- Deputat boshqa deputatlarning kasbiy va shaxsiy sifatlarini oshkora shubha ostiga qo‘ymasligi lozim.
- Deputat o‘ziga rasman vakolat berilgan hollardagina Kengash nomidan so‘zlashi mumkin.
5-bob. Deputatlik maqomidan g‘ayriqonuniy ravishda
foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi
- Deputat o‘z maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda foydalanishi mumkin emas.
Deputatning o‘z maqomidan, shu jumladan, nazorat vakolatlaridan:
o‘zi, yaqin qarindoshlari va o‘ziga yaqin boshqa shaxslar uchun manfaat, xizmatlar, tijoratga oid yoki boshqa naf olishga;
o‘z shaxsiy va yaqinlarining manfaati yo‘lida foydalanishga va bu vakolat orqali davlat organlari mutasaddilariga tazyiq o‘tkazishga;
sud hokimiyati organlari faoliyatiga aralashishga, shaxsiy masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga ta’sir o‘tkazishga;
ijroiya hokimiyati organlarining kadrlar siyosatiga aralashishga, muayyan shaxslarni ishga qabul qilish, lavozimini ko‘tarish yoki moddiy yoxud ma’naviy rag‘batlantirishga undashga;
davlat organlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishga, ularni o‘z faoliyatini qonunchilikka zid ravishda amalga oshirishga undashga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklarni olish yoxud boshqa qonunchilikka zid maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Deputat moddiy manfaatdorlik evaziga Kengash sessiyasi yoki uning organlari majlisida biror masalani olib chiqishi yoki uni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishi mumkin emas.
- Deputat Kengash, uning organlari hamda deputatlik blankalaridan faqat deputatlik vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan rasmiy xat, so‘rov va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda foydalanishi shart.
Deputat davlat mulkining but saqlanishini ta’minlashi hamda o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi lozim.
6-bob. Deputatlik vakolatlarini amalga oshirishi munosabati
bilan olingan ma’lumotlarning oshkor etilmasligi
- Deputat deputatlik vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni, agar ushbu ma’lumotlar:
Kengashning yopiq sessiyasi yoki uning organlari yopiq majlislarida ko‘rib chiqilgan masalalarga taalluqli bo‘lsa;
davlat siri, qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli bo‘lsa;
deputatning daxlsizligini cheklashga yoki deputat tomonidan ushbu Qoidalarning buzilganligi bilan bog‘liq bo‘lsa;
saylovchilarning yoki boshqa shaxslarning shaxsiy hayotiga oid sir bo‘lsa
va deputatga ularni oshkor etmaslik sharti bilan ishonib ma’lum qilingan bo‘lsa, oshkor etmasligi lozim.
- Deputat davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan o‘ziga taqdim etilgan rasmiy xizmatga oid ma’lumotdan shaxsiy naf ko‘rish uchun foydalanishga haqli emas.
7-bob. Xorijga xizmat safari davrida, chet ellik fuqarolar
bilan uchrashuvlarda deputatlik odob-axloq qoidalari
- Deputat rasmiy delegatsiyalar tarkibida va chet ellik fuqarolar bilan uchrashuvlarda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organining vakili ekanligini namoyish eta olishi lozim.
- Deputat rasmiy delegatsiyalar tarkibida chet davlatlarda bo‘lgan paytida xizmat safarining maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishga, Kengashning nufuzini va umuman O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashishi, o‘zi borgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga hamda rasmiy va norasmiy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida umum qabul qilingan odob normalariga rioya etishi kerak.
8-bob. Xizmatdan tashqari vaqtdagi va kiyinish odobi qoidalari
- Deputat xizmatdan tashqari vaqtda deputatning yuksak nomiga dog‘ tushiradigan, o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga, Kengashning nufuziga putur yetkazadigan, deputatlik vakolatlarini suiiste’mol qilish deb baholanadigan har qanday xatti-harakatlardan tiyilishi, shu jumladan:
jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda) o‘zini tutish qoidalariga rioya etishi, atrofdagilarning e’tiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi;
dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasligi;
jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmasligi, boshqalarni noqonuniy harakatlarga da’vat qilmasligi shart.
Shaxsiy o‘zaro munosabatlarda deputat kamtar, halol, xushmuomala bo‘lishi va hech kimga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lmasligi lozim.
- Kundalik turmushda odob normalariga rioya etish ushbu Qoidalarning ajralmas qismidir. Deputat kiyinishi uslubining sipoligi va kamtaronaligi bilan ajralib turishiga harakat qilishi lozim.
Deputat ayniqsa deputatlik vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida o‘ta dabdabali kiyim-bosh kiymasligi, ortiqcha bezaklar va boshqa aksessuarlar taqmasligi kerak.
9-bob. Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga qarshi choralar
- Deputat o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi kerak. Basharti, Kengash sessiyasi, doimiy komissiya yoki partiya guruhi majlisida deputat bevosita yoxud yaqin qarindoshlari orqali shaxsiy manfaatdorlikka ega bo‘lgan masala ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, u bu haqda raislik qiluvchini xabardor qilishi shart.
Raislik qiluvchi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan deputatning muhokamalarda so‘z olish huquqini cheklashi mumkin.
- Deputat o‘z vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘a olishi taqiqlanadi.
Deputat alohida xizmatlari uchun Kengashning qarori asosida, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida yoxud xizmat safarlari, xorijlik delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘alar olishi mumkin.
Xizmat safarlari, xalqaro, xorijiy delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olingan sovg‘a qiymati bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravaridan oshmasligi lozim, ushbu miqdordan oshadigan sovg‘alar Kengash mulki bo‘lib, Kengashga taqdim etilishi shart.
- Deputat o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart.
Agar deputat korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa,
u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi, shu jumladan Kengash yoki uning organlari rahbarlarini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organini darhol xabar qilishi yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak.
10-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan
nazorat va uni buzganlik uchun javobgarlik
- Quyidagi holatlar deputat ustidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq o‘rganishni dastlabki tarzda o‘tkazishga asos bo‘ladi:
saylovchilardan deputat tomonidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq shikoyatlarning kelib tushishi;
OAV, jumladan Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan deputatning nojo‘ya harakatlariga doir xabarlar;
deputat tomonidan qonun hujjatlarini, umum qabul qilingan odob normalarini, Odob-axloq qoidalarini buzish faktlari bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish haqida Kengash raisining ko‘rsatmasi;
deputat degan nomga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilganligi haqidagi korxona, tashkilot, muassasa va jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslar bergan xabarlar;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy xabarlari;
Odob-axloq komissiyasi tashabbusi.
- Anonim xabar va murojaatlar asosida o‘rganish o‘tkazilishimumkin emas.
- Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq o‘rganishlar Odob-axloq komissiyasi tomonidan, bunday axborot kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda amalga oshiriladi, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq o‘rganish o‘tkazish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish, materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, o‘rganish o‘tkazish muddati Kengash raisi tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
- O‘ziga nisbatan o‘rganish o‘tkazilayotgan deputat Kengash yoki
Odob-axloq komissiyasining o‘rganish tayinlash haqidagi qarori hamda unga asos bo‘luvchi murojaat (shikoyat, xabar) mazmuni bilan tanishtiriladi. - O‘ziga nisbatan o‘rganish o‘tkazilayotgan deputat quyidagi huquqlarga ega:
o‘rganish tayinlanganligi va unga asos bo‘lgan hujjat mazmuni bilan tanishib chiqish;
o‘rganish o‘tkazish bo‘yicha Odob-axloq komissiyasi a’zolari yuzasidan e’tirozi bo‘lgan taqdirda Kengash raisiga asoslantirilgan raddiya berish;
hujjatlar, ma’lumotnomalar va boshqa dalillarni taqdim etish;
o‘rganish natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda Kengashga belgilangan tartibda shikoyat qilish.
- Deputat zimmasiga ko‘rilayotgan ish yuzasidan o‘zining aybsizligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
- Deputat o‘rganish yuzasidan so‘ralgan zarur hujjatlarni va boshqa axborotlarni Odob-axloq komissiyasiga taqdim etishi lozim. Bunda, o‘rganish o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga, Odob-axloq komissiyasi a’zolariga o‘z vazifalarini amalga oshirishga xalaqit qilishga va ularga ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Odob-axloq komissiyasi ish yuzasidan quyidagi huquqlarga ega:
o‘rganish o‘tkazishga aloqador bo‘lgan, boshqa idoralar yurituvida bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olish, tanishib chiqish va nusxa olish;
o‘rganish o‘tkazilayotgan deputatdan tushuntirishlar olish;
zaruratga ko‘ra, o‘rganish uchun tor doiradagi mutaxassis (ekspert)larni jalb qilish.
- O‘rganish yakuni bo‘yicha Odob-axloq komissiyasi tomonidan xulosa qabul qilinadi va Kengashning navbatdagi sessiyasi tasdig‘iga kiritiladi.
- O‘rganish xulosasi Kengash sessiyasi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran kuchga kirgan hisoblanadi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Odob-axloq komissiyasi ushbu Qoidalarni buzgan deputatga nisbatan quyidagi ta’sir ko‘rsatish choralaridan birini qo‘llash bo‘yicha Kengashga xulosa kiritishga haqli:
deputatga ushbu Qoidalarni buzishga yo‘l qo‘yilmasligini ko‘rsatib o‘tgan holda ogohlantirish berish;
deputatdan Odob-axloq komissiyasi, doimiy komissiya majlisi yoki Kengash sessiyasida rasman uzr so‘rashni talab etish;
deputat tomonidan ushbu Qoidalarning buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi faktini Kengash sessiyasida o‘qib eshittirish;
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan ta’sir choralarini qo‘llash.
- Deputat tomonidan umum qabul qilingan odob normalarini, deputatlik odobini qo‘pol tarzda buzadigan, deputatning yuksak nomiga dog‘ tushiradigan, davlat hokimiyati vakillik organlarining obro‘siga putur yetkazadigan xatti-harakatlar, nojo‘ya ishlar sodir etilgan taqdirda, u qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi yoki uning vakolatlari Kengash qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
49. Deputat o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir chorasi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishincha viloyat, Toshkent shahar Kengashiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, Oliy Majlis Senatiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.